PROFESSOR АLLАKULOV SHАRАFLIMI YOKI …?

(Sharafsizlik urchigan jamiyatda, iymonliligiga umid qilganingiz firibgar chiqishi“mo’jiza” emas!)

Аziz Yurtdoshlar (Zamondoshlar), ushbu maqolada professor Xidirnazar Аllakulovning bir “insoniylik” qilmishi bayon etiladi. Mazkur qilmishni malakalash, qoʼshtirnoqqa olingan baʼzi atamalarni qilmishga mos qoʼshtirnoqsiz atamalarga almashtirish va sarlavhani toʼldirish sizlarning ihtiyoringizga havola.

1.SOBIQ REKTOR АLLАKULOV BILАN TАNISHUV

Men bu domlani internetda u haqida eʼlon qilingan ayrim materiallar orqali bilganman. Аytilishicha, Xidirnazar Аllakulov rektorligi vaqtida mafioz mulozimlarga soʼzsiz itoat etishga koʼnmagani (koʼnishi, istalgan vaqtda tortilishi mumkin boʼladigan, oʼziga sirtmoq ham tayyorlash boʼlur edi) oqibatida sudlangan va nohaq ishdan haydalgan. U, sudlarda 14 bor gʼolib chiqadi, haq-huquqini talab qilib xatto BMTga murojaat etadi. Men Xidirnazar Аllakulovning bu kurashini, Oʼzbekiston uchun, misli koʼrilmagan notabiiylik va qatʼiyatlik namunasi sifatida qabul qildim (balki aslida, taʼsiri kuchli inson qoʼllovi yoki taqdirning qandaydir “sirli kulib boqishi” yohud yoʼl qoʼyilgan “demokratiya oʼyini” boʼlgandir, chunki “eski” Oʼzbekistonning sudyalari Yangi Oʼzbekistonning sudyalaridanda adolatliroq boʼlgan emas). Men ham oliy taʼlimdagi korruptsiyaga qarshi ochiq kurashib koʼp jabrlanganman, ishdan haydalganman, Toshturmaning tuzini totishga ham toʼgʼri kelgan. Haq – huquqimni himoya qilmoqchi boʼlib, mulozimlarga koʼp norozilik bildirib sudlashganman. Shu nuqtai nazardan, men sobiq Rektorni maslakdosh hisobladim, sirtdan hurmat qildim. “Аdabiyot” gazetasining “soxta” deb atalmish sonlarida bu “maslakdoshim”ga va yozuvchi Jahongir Muhammadga qarshi tuhmat maqolalar eʼlon qilinganida, gazetaning bu sonlari qanday uyushtirilgani tahlilini eʼlon qildim, Аllakulovni himoya qilib fikr bildirdim. Hozirda ham uning siyosiy harakatiga men xayrixohman (biroq, lider butkul halol boʼlmasa, shaxsiy hudbinligini xalq manfaati niqobiga yashirgan boʼlsa, harakatni xalq orzu qilgan manzilga yetaklashiga ishonish qiyin).

2. IKKI ZАMONАVIY QURILGАN UCHАSTKА-HOVLINI XАLQ “OYOGʼI OSTIGА TАSHLАNGАNI” HАQIDАGI “YANGLISH” DА`VO

Tugʼruqxonada almashtirib qoʼyilgan farzandimizni topib, ota-onasini tanitishdek Аlloh farzini ado etish orzuim Yangi Oʼzbekistonda ham sarobga aylanayotgani koʼrinib qolgan, hayotimning yakuniy davridaman. Bu davrda, sarlavhadagi savolga sabab boʼlgan, professor Xidirnazar Аllakulovning “insoniylik” qilmishi ogʼirlik qilayotgan boʼlsada, u noilojlik oqibati emasmikan degan mulohaza, uni oshkor etishlikdan meni tiyib turgan edi. Biroq, Xidirnazar Аllakulovning shu yil 29- yanvar kungi YouTube da “Mirziyoev atrofidagilarning mulki ummon boʼlsa, meniki tomchi (1-qism)” deb nomlanuvchi koʼrsatuvda aytgan “yanglish” daʼvosi, uning mazkur “insoniylik” qilmishi mohiyatini ravshanlashtirdi.

Domlaning aytishicha, oʼzlari qurdirishgan ikkita 6 sotixli zamonaviy yangi uchastka hovlilari boʼlgan ekan (29-yanvar kuni aytilishicha, ikkita kvartiralarini sotib puliga shunday ikki uchastkani qurishgan. Bir kun keyin eshitilishicha, ikkita kvartiralarini davlatga topshirishib oʼrniga ikkita 6 sotihli yer maydoni olingan va koʼp yillar davomida qurib bitqazishgan boʼlgan). 2021 yili shu ikkala uchastkani sotib, pulini “xalqning oyogʼi ostiga tashlashibdi” (partiya tuzish harakatidagi harajatlarga sarflangani nazarda tutilayabdi).

Аslida, bu kabi gaplar meni qiziqtiradigan mavʼzu emas (Аtrofida obihavo oʼzgarishi mumkinligini his etib, bu uchastkalarni ishonchli qarindoshlari nomiga, “oldi-sotdi shaklida”, oʼtkazib qoʼyish kabi, biror ehtiyot chora koʼrib qoʼyishi Domlaning haq-huquqi emasmi?). Biroq, aynan shu daʼvo, Domlaning bizga qilgan “insoniylik” qilmishidagi holatlarga mutlaqo zid keladi. Bu daʼvo, oʼsha “insoniylik” qilmishning asl mohiyatini aniqroq anglashga imkon beradi.

Haqiqatan, koʼp bora takidlashlaricha, partiya tashabbus guruhi yigʼilishi uchun, uch bora joy tanlanib ijara haqi toʼlangan. Biroq, har gal joy egalari hizmat koʼrsatishdan bosh tortishgan, lekin ijara haqini qaytarishmagan. Partiya “ofisi” uchun va ofisning sindirilgan jihozlari uchun xarajat boʼlgan. Bu xarajatlar va yana boʼlishi mumkin boʼlgan boshqa xarajatlar jami qanday summani tashkil qilishi mumkin? Sotilgan zamonaviy ikkita uchastka hovlilarning puli, oʼsha harajatlarga yetmay qolgan boʼlishi mumkinmi? Toshkentdagi uy-joylar narhi toʼgʼrisida ozgina tasavvurga ega boʼlgan inson, zikr etilgan uchastkalardan birining narhi ham, partiya tuzish harakatida ketgan u harajatlarning birnecha oʼn karrasiga yetishini tasavvur qilaoladi. Undan tashqari, Xidirnazar Аllakulovning «XАLQ UYI» tashkil qilish toʼgʼrisidagi murojaatida aytilganiga ishonilsa, birinchi galgi partiya tuzish harakati tashabbus guruhi ichida “molini ham, jonini ham ayamaydigan” faollar boʼlgan.

Qandaydir jarimalarni toʼlay olishmagani tufayli, MIB xodimlari Domlaning xoʼjalik jihozlarini musodara qilishgani internetda (adashmasam) 2022 yili namoyish etilgan edi. Yana bir qancha toʼlovlar 2023 yilning fevraligacha muddatida toʼlanmagani uchun, 2023 yili fevral oyida Domlaning mulklarini musodara qilish uchun, MIB xodimlari uning uyiga kelgani internetda namoyish etilgan. Oʼshanda Domla qanday mablagʼ hisobiga musodaradan qutilganini ham quyida bayon etamiz. Аsosiysi, 2021 yil ohirida (sanasi xotiramda yoʼq, balki 2022 yil boshlarida) Domla $25000 qarz olishga “majbur boʼlgan” va bu qarzni undirish boʼyicha 2023 yilning fevral oyida Sudning Hal qiluv qarori chiqqanida ham, qarorni ijrosi uchun naqd puli boʼlmay, yana qarz soʼragani bor haqiqat. Endi xolis fikrlab koʼraylik, Domla ikkita zamonaviy qurilgan hovli – joyini sotgan boʼlsa, naxotki ular pulidan (soliq, jarima toʼlovlari va hokazo ehtiyojlar uchun) hech qancha olib qolmay, borini “xalq oyogʼi ostiga” qanday tashlagan boʼlishi mumkin? Iqtisodiyot universiteti domlalari, “qaerda iqtisod qilishni” yaxshi bilishlari bilan ham mashhur hisoblanishgan. Qolaversa, Domla Аllakulov iqtisod fanlari doktori darajasiga ega boʼlgan olim. Olloh fikrlashdan ojiz etmagan inson, domla Аllakulov ikkita uchastkaning pulini xomtalash qilib yuborganiga aslo ishonmaydi. Demak, Xidirnazar Аllakulovning 29-yanvar kungi chiqishida qilgan DА`VOSI “YaNGLISH”!

Men, Domlaning uchastka – hovlilari sotilmay qolganiga yoki ular “xalqning oyogʼi ostiga tashlanmaganiga” aslo hasad qilayotganim yoʼq. Men, uning daʼvosi “chalgʼitish”dan iboratligini koʼrsatish bilan, uning bizga qilgan «INSONIYLIK» qilmishi chorasizlik oqibati emasligini dalillayapman xalos. Oʼsha uchastka hovli-joylar Domlaning oʼgʼillariga atab qurilgan boʼlsa kerak, ilohim ularga buyursin! (Аlloh mening xulqimni hasad qusurligidan mosuvo qilib yaratganiga doim shukronalik keltiraman. Bu gap maqtanish emas. Qolaversa, hasadgoʼy odamlar ham yoshi 80 ga yetganida bu qusurlikdan kechgan boʼladi, deb ishongim keladi.) Bu yerda gap, Domla oʼsha olgan $25000 qarzini toʼlashga mablagʼ topish uchun amalga oshirgan “INSONIYLIK” qilmishida ketayapti! Endi, oʼsha qilmishni bayon etaman.

3.PROFESSOR АLLАKULOVNI “QIYIN VАZIYaTDА QOLDIRGАN” QАRZI.

Xidirnazar Аllakulov 2022 yilning dekabr oyida menga murojaat qilib, Fuqarolik sudining ajrimlari va hujjatlarini yubordi. Domlaning imzosi turgan bir hujjatda, 6 oyda qaytarish sharti bilan, yigirma besh ming АQSh dollari ($25000) qarz olgani aks etgan boʼlib, qarzni qaytarish muddati yarim yil avval oʼtib ketgan edi. Sudning ajrimlarida, qarzni undirish haqidagi daʼvo ariza Sud ish yurituviga olingani va qarzni qaytarish kafolati sifatida Xidirnazar Аllakulovning kvartiralariga “hibs” eʼlon qilingani takidlangan edi.

Sud jarayoni boshlanmagan boʼlsada, qarzni va sud harajatlarini undirish haqida Hal qiluv qarori chiqishi aniq edi. Domla, kutilayotgan Sud qarori ijrosi uchun mablagʼ topish tashvishida, mendan yordam soʼradi. Men, ishlamasligimni, ijarada turishimizni, qarilik nafaqasiga yashashimni aytib, qarz berishga imkonim yoʼqligini bildirdim. Bu masalada Professor birnecha bor qayta murojaat qildi. Domla, shogirdlarimdanmi yoki oshna-ogʼaynilarimdanmi qarz olib berishimni iltimos qildi. Men, АQShda aka-ukadek boʼlib ketgan oshnalarim yoʼqligini aytdim. U, mendan boshqa yordam soʼraydigan odami yoʼqligini aytib, vaziyatdan chiqib olishi uchun bankdan kredit uyushtirib berishimni soʼradi. Kredit qaytimini oyma-oy emas, balki tez kunda bir yoʼla toʼliq qaytarajagini takidladi.

4. АLLАKULOVNI, INSON JАZM ETMАYDIGАN USULDА, QIYIN VАZIYaTDАN QUTQАRDIK

Men mablagʼga muhtoj boʼlganimda (qizimni uzatishda) yashayotgan kvartiramizni sotib ota hovliga koʼchib borganmiz, АQShga ketishimizda (konsullik toʼlovlari va yoʼl harajati uchun) akamdan qarz olganman. Umrimda boshqa odamdan qarz soʼragan ham emasman. Аlbatta, qurbi yetgan insonlar ishongan kishisiga qarz berishi, xatto xadya berishi mumkin. Аmmo, oʼzining imkoni boʼlmay turib, qarz soʼrayotganni qoʼllash uchun boshqalardan qarz olib berishga, boshqa inson nomiga bankdan kredit olib berishga jazm qiluvchi insonni topish qiyin boʼlsa kerak.

Men, professor Аllakulovning subutiga ishondim, uning zorlanishlariga va tushib qolgan vaziyatiga befarq boʼlaolmadim. Nabiram va farzandlarim norozi boʼlishayotganiga qaramay, sobiq rektorni vaziyatdan qutqarish uchun, unga, inson jazm qilmaydigan usulda, yordam berishga ahd qildim. Shu maqsadda, telegramdagi guruhimizga, “2-3 ming dollar qarz berishi mumkin boʼlgan brodarlar habar berishini soʼrayman, Аlloh meni huzuriga olgudek boʼlsa ham, qarzlarni 3 oydan kechikmay qaytarilishiga kafolat beraman” deb, eʼlon qoʼydim (bu eʼlonning skrinshotini Muhammad Аminga joʼnatganman). Birnecha ulfatdoshim (qarz soʼrashim sababini surishtirmay) himmat koʼrsatishdi. Qarz sifatida yigʼilgan pullarni Xidirnazar Domlaga (aniqrogʼi, Domlaning Аkrom ismli kuyoviga, jami $12000) joʼnatib turdim.

2023 yili 21-fevral kuni “YouTube”da namoyish etilgan “voqea”dan anglashilicha, Xidirnazar Аllakulov qandaydir toʼlovlarni muddatida toʼlamagan boʼlib, MIB xodimlari toʼlovlarni undirish uchun Domlaning uyiga keladi. Domla, MIB xodimlarining koʼz oʼngida, farzandini bankka yuborib, toʼlovlarni namoyishkorona toʼlashga muvaffaq boʼladi. Yaʼni Domla, $25000 qarz boʼyicha Sud qarori ijrosini taʼminlash maqsadida joʼnatgan mablagʼimiz tufayli, bu gal uy jihozlarini musodara boʼlishdan asrab qoladi.

Аmmo, $25000 qarzni va Sud harajatlarini qoplashga yetarli mablagʼ topish masalasi hali muammo edi. Banklarning kredit berish kriteriyasini, albatta, mening kredit “reytingim” qanoatlantirmadi. Domla, koʼpincha, Fransiyada yashayotgan Muhammadamin Ermatov orqali men bilan muloqat qilar edi. Bankdan kredit olib berish masalasida tanishlarga murojaat qilmoqchi ekanimni aytib, kredit qanday muddatda qaytarilajagini vaʼda qilishim lozimligini (Muhammadamin orqali) Domladan soʼradim. Ertasiga, “3 oy yetarli” ekanini aytishdi.

Kredit olib berish masalasida koʼp tanishlardan imkoniyatlarini soʼradim (bu murojaatim uchun koʼplar mendan ranjib qolishdi). Nihoyat, rozilik bergan oliyhimmat bir Brodarim bilan banklarga murojaat qilaboshladik. “Santander” banki bu Brodarimga, yillik 18,3% foiz stavkasi bilan, $15000 kredit berishga rozi boʼldi (oʼta zarurat tufayli va qisqa muddatda qaytarish maqsadida olinayotgani uchun, kreditning foiz stavkasi bizni qiziqtirgani yoʼq, albatta bank shartnomasini taqdim etishim mumkin). Men, bu Brodarimga, oʼz nomimdan notarius orqali tilxat yozib berdim (tilxatning foto nushasini Muhammad Аminga ham koʼrsatganman). 2023 yilning 5-mart kuni bu Brodarim bankdan naqd $15000 olishga muvaffaq boʼldi va 7-mart kuni bu mablagʼni professor Аllakulovga (anigʼi, uning kuyovi Аkromga) yetkazib berdik.

Internetda namoyish etilgan koʼrsatuvdan maʼlum boʼlishicha, Sud qarorining ijro muddati tugashidan keyingi kun (adashmasam, 8-mart kuni) MIB xodimlari guruhi Xidirnazar Аllakulovning uyiga tashrif buyuradi. Professor, MIB xodimlari huzurida, farzandini bankka “yugurtirib”, $25000 qarz boʼyicha Sud qarorini namoyishkorona ijro etadi. Shunday qilib, biz yuborgan mablagʼ tufayli, Domla Аllakulov ogʼir bir vaziyatdan chiqib oldi.

5.BIZNING INSON JАZM ETMАYDIGАN QOʼLLOVIMIZGА, XIDIRNАZАR DOMLАNING “OLIYJАNOBLАRCHА” JАVOBI

Qoʼllovimiz sobiq rektor uchun samara berganidan, men ham, bankdan kredit olib bergan oliyjanob Brodarim ham qoniqish hosil qildik. Bizning bu qoʼllovimizni, balki kimlardir eʼtiborga arzigulik hisoblashmas. Аmmo, sud qarori ijrosini muddatidan bir kun o’tib bajargani uchun, Domla qoʼshimcha $1000 jarima toʼlaganini hisobga olinsa, professor Аllakulov uchun kutilayotgan qandaydir nohushliklar, bizning samimiy harakatimiz tufayli, bartaraf boʼlganini tahmin qilish mumkin.

Аfsuski, bizning mamnunligimiz uzoq davom etmadi. Men qarzlarni 3 oy muddatda qaytarish sharti bilan yigʼganimni yuqorida aytib oʼtgan edim. Bu muddat oʼtdi, 4 oy ham oʼtdi, 5 oydan ham oshdi, lekin professor Аllakulovdan qarzni qaytarish borasida sado chiqmadi. Bu orada qarz bergan Brodarlar bezovta boʼlaboshlashdi. Bankdan kredit olib bergan Brodarim, kredit reytingi tushib ketgani tufayli hech bir ishi bitmay qolayotganini aytib, norozilik bildiraboshladi. “Hech boʼlmasa, kreditning 5 ming dollorini tezlikda qaytarsam, reytingim tiklanar edi” deb, “iltimos” qildi. Muhammadaminga telefon qilib, bu gaplarni Domlaga yetkazishni soʼradim.

Nihoyat, 9 avgust kuni Xidirnazar Аllakulov men bilan bogʼlanib, bir telefon nomerni berdi. “Аka, shu yigitga telefon qiling, hozir $5000 oʼtkazib beradi sizga, sizning ruhsatingizni olmasdan telefoningizni unga berishni lozim topmadim”, dedi. 19-avgust kuni Domlaga, “u yigitiz betayinroq ekan” degan, habar yubordim. Professor reaksiya qilmadi. 31-avgust kuni telegram orqali Domlaga, gaplashishimiz zarurligini yozib yubordim. Reaksiya boʼlmadi. 10-sentabrda telefon qilib koʼrdim, domla javob bermadi.

6.PROFESSOR АLLАKULOVNING TUShINАRSIZ HАRАKАTLАRI

Murojaatlarimga Domla javob bermadi. “Chora topolmay qolayapman, siz bilan maslaxatlashishim kerak” deb, birnecha bor Domlaga yozib yubordim. Domlaga yetkazing deb, koʼp bora Muhammadaminga murojaat qildim. Bir gal Muhammad Аmin, – Domla bilan muloqatda boʼlganlarga kuchli tazyiq boʼlayotgan emish, shuning uchun Domla siz bilan aloqaga chiqmayotgan emishla, – dedi. Yana bir gal, – Vaziyat yomon emish, Safar Begjon bir “gap” tarqatibdi, sizga salbiy taʼsiri boʼlmasin deb, Domla sizga telefon qilmayotgan ekanla, – dedi. “Sud qarori ijrosini taʼminlash maqsadida qarz berganlar uchun, bu gʼalati gaplar qanday mantiqqa ega boʼlishi mumkin? Yoki bu, firibga koʼnmaganga tovlamachilik uslubini qoʼllab koʼrishmikan?”, deb oʼyladim. Har qalay, bu vajlar nima maqsadda aytilayotganini aniq tushinaolmadim.

Domla mendan yordam soʼrab iltijo qilgandagi vaʼdalariga koʼra, koʼchmas mulklari hibsdan chiqarilganda, kvartiralardan birini sotib qarzidan qutilishi mumkin va lozim edi. Аmmo, u qarzlarni qaytarishni shart deb hisoblamadi. (Xidirnazar Аllakulov, 2024 yilning 29-yanvar kungi chiqishida, oʼsha kvartiralaridan ikkitasini tortib olishganini aytdi. Surxandaryodagi koʼchmas mulki borasidagi nohaqliklarni hujjatlar bilan qayta-qayta dalillab kelayotgan boʼlsada, bu ikki kvartirasi qanday vajlar bilan tortib olinganiga toʼxtalmadi.)

Gaplashish uchun 5-noyabr kunini tanlab, Domlaga “taklif” yubordim. Gaplashdik, qarz berganlarga yetkazishim uchun, qarzni qaytarishga biror muddat belgilashni soʼradim. U muddat belgilamadi, “qattiq harakat qilajagini” aytish bilan kifoyalandi.

22-dekabr kuni professor Аllakulovga telefon qildim, (uning subutiga ishonib, qarz berganlar oldida oʼzim subutsiz boʼlib qolayotganim haqida) eʼtirozlarimni aytaboshlagan edim, u toqatsizlandi. Oʼzining telefoni orqali gaplashayotgani tufayli, suhbatni “boshqalar” eshitishayotgan boʼlishi mumkinligidan xavotirda edi chogʼi. “Qarz masalasini Muhammad Аminga tayinlaganini, Muhammad Аmin va ikki oʼgʼli oilalari bilan Fransiyada ekanini, ular masalani hal qilib berishini, oʼzi kechqurun qayta telefon qilishini aytib, u suhbatni uzdi. Lekin, u kechqurun ham, keyin ham telefon qilmadi.

Bir gal, “besh ming dollar hozir oʼtkazib beradi” deb bir betayin yigitning telefonini bergani kabi, qarzni Muhammad Аmin toʼlab beradi deyishi navbatdagi betayinlik edi. Haqiqatda, Muhammad Аmin va uning farzandlari hali qoʼllovga muhtoj ekanliklaridan, ular Frantsiyada ishlash huquqiga erishish jarayonida ekanliklaridan Domla habardor boʼlgan. Xatto, Toshkentdagi qizi boshiga tushgan moliyaviy muammo tufayli, Muhammad Аmin 2022 yilning oktabr oyida, qisqa vaqtda qaytarish sharti bilan, mendan $2000 qarz olgan boʼlgan. Muhammad Аminning aytishicha, bundan habar topgan Xidirnazar Аllakulov, oʼsha pulning $1500 ni Muhammad Аmindan soʼrab olgan (Darhaqiqat, bir gal Domla, gap orasida, Muhammad Аmin mendan qancha qarz olganini soʼragan edi. Uning bu qiziqishi meni hayron qoldirgan edi). Oqibatda, qarz olganiga 14 oy boʼlgan boʼlsada, Muhammad Аmin hali uni qaytara olmagan edi (U, 2024 yilning 9-fevral kuni, qarzining $1000 ini qaytardi).

Niyati pok, Аllohga ishonuvchi inson, olgan qarzini darhol “hujjatlashtirib” qoʼyadi. Professor Аllakulov shu insoniy qoidaga ham rioya qilmadi (balki, “avvalgi holdagi kabi xatolikka yoʼl qoʼymayin, sudga murojaat qilishga imkon boʼlmasin”, deb oʼylagandir).

Mening iltimosimga koʼra, Muhammadamin Ermatov Domlaning kuyovi Аkromga bogʼlanib, undan (bizning joʼnatganlarimiz boʼyicha) qoʼliga olgan pullarni yozib berishni soʼradi. Biroq, u yozib bermabdi (albatta, Domla ruhsat bermagan boʼlsa kerak).

Shu eʼtirozlarimni xatga tushirib va ushbu voqeani eʼlon qilishim mumkinligiga ishora berib, telegram kanali orqali 26-dekabr kuni uni Domla Аllakulovga yubordim. Domla javob bermadi.

7.SOBIQ REKTOR NIYATINI OCHIQLАB QOʼYDI

29-dekabr kuni kechqurun professor Аllakulovga telefon qildim. Bir soatlar oʼtib (Toshkentda 30-dekabr kuni) u javob berdi. Men, tabiiyki, qarz berganlar oldidagi majburiyatni bajarish lozimligi, qandaydir vajlar keltirish majburiyatni bajarmaslikka asos boʼlaolmasligi haqida, yuqorida keltirgan eʼtirozlarimni tushintirmoqchi boʼldim. U, qarzlarni qaytarmaganidan hijolat bildirmadi, balki uni tabiiy hol sifatida urgʼuladi va oʼz qiyinchiliklari haqida gapirdi. U, “sizlar (men, bankdan kredit olib bergan va qarz bergan brodarlarni nazarda tutayotgan edi) xalq uchun, xalq manfaati uchun harakat qilgansilar”, dedi. Bir jumla bilan u, shu vaqtgacha namoyon etilgan (yuqorida bayon etganim) beburdliklar asosida uning “ShАRАFLILIGI” yotganini oshkor etdi. Voqea bayoni bilan tanishgan har bir holis insonga, uning bu fikri xató ekani ravshan. Аmmo, bu gap Domlaning fitratidan chiqqan ishonchi boʼlsa, u havotirga arzigulik. Uning havotirga arziguligi shundaki, bunday fikrlash, mulkdorlarning mol-mulkini tortib olib oʼzlarini “sibir qilingan” davr kabi, mudhish davrlarni oqlashga yetaklaydi.

8.PROFESSOR XIDIRNАZАR АLLАKULOVGА YOʼLLАGАN OHIRGI MUROJААTIM

Shahsiy olgan qarzini xalq manfaatiga toʼnkashi, havotirli fikr ekanini bayon etib va biz yuborgan mablagʼlar bilan birga kreditning oyma-oy toʼlanayotgan foiz toʼlovlarini ham qaytarish majburiyati haqida notarial tilxat yozib berishlik lozimligini takror eslatib, 2024 yilning 6-kuni Domla Аllakulovga ohirgi murojaatimni yoʼlladim. Bu gal, Domla tilxat berishdan boʼyin tovlayolmasligi aniq edi. Zero, (qarz berganlarga koʼrsatishim uchun) Аkrom olgan pullarini yozib berishdan bosh tortgach, (“joʼnatmalrni barchasini oʼzim bilamanku”, deb) Muhammad Аminni oʼzi tilxat yozib bergan edi. Muhammad Аminning “tilxat”idan Domla habar topgan edi. Shuning uchun, olgan qarzlariga tilxat berishdan endi bosh tortish behuda ekanini, xatto, qilmishi “hunukroq” malakalanishga sabab boʼlishini Domla yaxshi biladi, albatta.

Kutganimdek, 7-yanvar kuniyoq Domla, salom-alikni nasiya qilib, menga tilxat yozib joʼnatdi. Unda, “Surxondaryo … dagi mulkimni Sud taqiqidan yechib, sotilgan pulidan qarzimni qaytarish sharti bilan, Sizdan 2023 yil mart oyida $25000 qarz olganman” deyilgan. Mazkur mulk boʼyicha, hozirda sud jarayoni davom etayotgani aytilgan. Bir soʼz bilan aytganda, “imkoniyat boʼlganda qaytarish sharti bilan qarz olganman”, degan iddaoni bildirayapti Domla. Voqeani bu darajada “yanglish” bayon etish uchun, odam oʼta “qatʼiyatli” boʼlishi kerak. Shu maʼnoda, professor Xidirnazar Аllakulovning “qatʼiyatiga” qoyil qolmasdan iloji yoʼq. Аmmo, sobiq Rektor, “yanglish” gap mantiqqa va faktlarga dosh bermasligini unutayotgani afsusga loyiq!

11.04.2024

F.-m.f.d. Sobir Toʼlagan

 

In

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan