FARZANDIMIZNI TOPISH VA QIZIMIZNI DAVOLATISH YO‘LIDAGI KURASHIMIZ

Shoyad, biz(biologik ota-ona)ning ushbu yoshlik suratlarimizga farzandimiz(yoki uni yaqinlari)ning nazari tushib ko'ngliga sezgi bersa!

Shoyad, biz(biologik ota-ona)ning ushbu yoshlik suratlarimizga farzandimiz(yoki uni yaqinlari)ning nazari tushib ko’ngliga sezgi bersa!

So‘z boshi: Yurtdoshlarga  

Aziz yurtdoshlar, Alloh rozi bo‘lsin sizlardan! Tug‘ruqxonada almashtirib qo‘yilgan farzandimizni topish va qizimizni davolatish yo‘lidagi kurashimiz sahifalaridan iborat quyidagi fojia-hikoyamni bayon etar ekanman, shoyad hikoyam biologik farzandimiz yaqinlari yoki bu muammoimiz yechilishiga ta’sir etishi mumkin bo‘lgan oliyjanob mutasaddilar qulog‘iga yetib borsayu, maqsadimiz – farzandimiz o‘sgan oilaga mutlaqo malol keltirmagan holda, “farzand va ota-ona bir-birlarini bilishi lozimligi” haqidagi Alloh farzini va insoniylik burchini ado etishlik ekanligiga ular ishonch hosil qilishsa va muammoimiz yechim topsa degan umidda, duo qilishinglarni, imkon bo’lsa ushbu maqola habarini tarqatishinglarni so’rayman.

Shu ezgu va qonuniy orzuimizdan tashqari, farzandimiz oilasi xohishiga zid hech qanday harakat sodir etmaslikka ahdu-paymon qilganmiz. Biz bilan muloqotni davom etdirish-etdirmaslik ham, albatta, ularning xohishicha bo‘lgay. Aslida, farzandimiz oilasiga (ular izn berishsa) oqibat ko‘rsatish ham orzuimiz. 

Birinchi sahifa: Navbatdagi baxtimizni kutgan kunimiz. 

1987 yil mart oyining 20–kuni ayolim, to‘lg‘oq yaqinlashayotganini, Toshkent shahridagi 3-son tug‘ruqxonaga borishi lozimligini aytib, tayyorgarligini ko‘raboshladi. Biz yashayotgan kvartiradan tug‘ruqxonagacha bo‘lgan masofa taxminan 1 km edi. Kvartirada 5 yoshli va 18 oyli ikki qizimizni qoldirib, ayolimni tug‘ruqxonaga olib ketdim. Qaytib kelsam, kichik qizim vannaxonadan kir yuvish poroshogini olib chiqib, etagi- oyoqlariga sochib xonada o‘ynab o‘tirgan ekan. Poroshokni og‘ziga solgan bo‘lishi mumkin deb, “esim chiqib ketdi». Tezda shahar 1- shifoxonasining bolalar bo‘limiga olib bordim. Tong otguncha shifoxonada qizimni tekshirishdi, aniqlashlaricha poroshokdan og‘ziga solmagan ekan. 

21-mart kuni ertalab tug‘ruqxonaga bordim. Huzurimga arman millatiga mansub ko‘ringan vrach chiqib, qiz farzandli bo‘lganimiz xushxabarini va ayolim boshidan kechirgan xavfli holat orqada qolganini aytdi.  Ilmiy xodim ekansan deb, rad etishiga qaramay, men vrachga minnatdorchilik bildirib qanchadir suyunchi berdim. 

Ikkinchi sahifa: Ayolimning xotiralari. 

Kenja farzandimizning dunyoga kelgan vaqti, tug‘ruq kartasida 1987 yil 20-mart soat 23 dan 55 daqiqa o‘tganda deb qayd etilgan.  Ayolim ko‘p yillar o‘tib hikoya qilishicha, bu jarayon u uchun juda og‘ir kechgan. U 5 soatga yaqin hushsiz yotgan. Uning aytishicha, aniq esida qolgani, hushiga kelganida yonidagi to‘lg‘oq stoliga bir ayolni  yotqizishadi. U ayolning ko‘zi yorish jarayoni yengil o‘tadi. Bir oz gaplashishadi. U ayolning ko‘rinishi xotinimning xotirasida qoladi. 

Uchinchi sahifa: Ayolimning shubhalanishlari. 

Tug‘ruqxonada bizga taqdim etilgan chaqaloq-qizchamiz Malika o‘zini tutaboshlaganida bo‘yni qiyshiqligi ma’lum bo‘ldi. Uzoq vaqt 1-Qoraqamish massividagi bolalar poliklinikasida muolaja oldik. 

Qizchamiz ulg‘ayaboshlagani sari, ayolim tez-tez: “U bizga o‘xshamayapti, tug‘ruqxonada almashib qolmadimikan? Qizimiz tug‘ruqxonada men bilan yonma-yon ko‘zi yorigan juvonga o‘xshab ketayaptiya”, deydigan bo‘lib qoldi. Sirtimda xotinimni yupatishga harakat qilsamda, qalbimni g‘ulg‘ula bosar edi. U ayolni qanday izlashni o‘ylar edim. Biron ehtiyotsiz harakatim u ayolning “izini” butunlay yo‘qotishga olib kelishini fikran his qilar edim. Shu sababdan, davlat idoralariga oshkora murojaat etmadim, o‘zimcha urinishlarim esa muvaffaqiyatsiz chiqaverdi.

Ayolimda birinchi shubha aslida tug‘ruqxonadan chiqarishayotganida uyg‘ongan ekan. Oradan yillar o‘tib turmush o‘rtog‘im aytib berishicha, uyga ketishi oldidan, tug‘ruqxonada bizga “taqdim etilgan” qizimizni yo‘rgaksiz holda birinchi bor ko‘rganida, “bu  mening bolam emas” deb rafiqam e’tiroz bildirgan. Ammo unga chaqaloq qo‘lchasiga bog‘langan yorliqni ko‘rsatishgandan so‘ng, noiloj boshqa e’tiroz bildira olmagan. U, quvvatsiz holatda bo‘lgani tufaylimi yoki o‘zini adashdim deb hisoblaganidanmi, o‘sha vaqtda bu to‘g‘rida  menga aytmagan. 

To’rtinchi sahifa: Tug’riqxona arxiviga kirish.

Nihoyat, 2000 yil avgust oyida tug‘ruqxona Bosh vrachi qabuliga kirib, ayolim o‘zidan 5 soatcha keyin yonidagi to‘lg‘oq stolida ko‘zi yorigan ayolning yashash manzilini topib berishimni so‘rayotganini aytib, yordam so‘radim. Bosh vrach xonim meni arxivga yo‘llab, menga yordam berishlikni arxiv xodimasiga tayinladi. 

Xotinim tushuntirgani bo‘yicha, arxivdan xotinimning va u ayolning tug‘ruq kartalarini topganimda, kalavaning uchi ko‘ringandek, juda  xursand bo‘ldim. Biz qidirgan ayolning ismi sharifi Selembayeva Feredey ekan (ismlar o‘zgartirildi). Afsuski, uchi topilgan kalavani yechishga hanuz imkon berilmayapti. 

Beshinchi sahifa: Qizimizning biologik ota onasi bilan tanishuv. 

Feredeyning turar joylari Olimpiya mavzesidagi X-uy, Y-xonadonga o‘zgargan ekan. Feredeyga ko‘zim tushganidayoq, xotinimning shubhasi to‘g‘ri ekaniga mutlaqo ishonch hosil qildim.  Qizimiz Feredeyga “quyib qo‘ygandek” o‘xshar edi. (Keyinchalik sud chaqiriq qog‘ozini olib borganimda, Feredeyning keyingi – to‘rtinchi qizi eshikni ochib muomala qilgan edi. U  bizning qizimiz Malika “ikki tomchi suvdek” o‘xshash edilar.) Feredeyga, ayolim sizni topib berishimni so‘radi, deb tushuntirdim. Ertasiga ayolim bilan Feredeyning ish joyiga bordik. Biz aytmasimizdan avvaloq, Feredey tashrifimiz sababini sezgan ekan! Biz, – “tekshirtirib ko‘raylik, shubhamiz to‘g‘ri bo‘lib chiqsa, bizlarning qizlarimiz ham, sizlarning qizlaringiz ham yana bittaga ko‘payadi, hozircha qizlarga bildirmaymiz, bordi-keldi qilib turamiz, kelgusida qanday yo‘l tutishni o‘ylab ko‘ramiz”, – dedik.  Taklifimiz Feredeyga ma’qul tushdi. U, tog‘asinig o‘g‘li tug‘ruqxonada rus oilasining o‘g‘li bilan almashib qolganini va 22 yoshida o‘zi topib kelganini gapirib berdi. 

Ayollar, ertasiga qizlar bilan birga (ularga sezdirmay), uchrashishga kelishib olishdi. Biroq, Feredey uchrashuvga qizini olib kelmay, ukasi bilan birga kelibdi. Ma’lum bo‘lishicha, u eri va aka-ukalari ta’sirida o‘zi tuqqan farzandidan tonishga rozi bo‘lgan ekan. Feredeyning akasi va eri Alijon Selembayev (ismlar o‘zgartirildi) bilan gaplashib ko‘rish ijobiy natija bermadi. Ularni insofga keltirish maqsadida, ular manzilidagi masjid imomidan yordam so‘radim. Biroq, Alijon u masjidga qatnamas ekan. Imomning maslahatiga ko‘ra, imom hamrohligida, muftiy muovini Shayx Abdulaziz Mansur huzuriga bordik. U Hazrat, mening sayi harakatim dinimiz nuqtai nazaridan to‘g‘ri ekanini ta’kidlaganlari holda, Alijon Selembayev ular huzuriga kelsagina unga tushuntirishlari mumkinligini bildirishdi.  Afsuski, biz Alijon Selembayevni Hazrat huzurlariga boshlab kelishning uddasidan chiqmas edik.  

Oltinchi sahifa: Prokurorlarning qonunga zid harakatlariyu harakatsizliklari. 

Men Sobir Rahimov (hozirgi Olmazor) tuman Prokuroriga (ismi sharifi xotiramda yo‘q, lavozimga yangi tayinlangan vaqti ekan) murojaat qildim. Prokuror menga bosim o‘tkazdi, bu masalani ko‘tarsam meni jazolashi haqida ogohlantirdi. Mening qat’iyatligim tufayli, odam DNK si bo‘yicha sud-biologik ekspertizasi o‘tkazish haqida qaror chiqarishga majbur bo‘lishdi. Ammo, ekspertiza jarayonida ham Prokuratura ekspertlarga bosim o‘tkazayotgani aniq namoyon bo‘ldi. Haqiqatan, biz er-xotin va qizimiz ekspertiza uchun qon namunalarini 2001 yil 16-martda topshirdik (bu ekspertizada qayd etilgan). O‘shanda laboratoriya mudiri, fan nomzodi A.A.Ikromov, ekspertiza xulosasi 3 kunda  tayyor bo‘lishini, ota-onalik va farzandlik haqida uzil-kesil aniq xulosa berilishini aytgan edi. Biroq, 17 kun davomida so‘rovimga, «xulosa tayyor emas» deb kelishdi. Lekin xulosa 2001 yil 29- mart sanasi bilan rasmiylashtirilgan (xulosaga ilova qilingan kompyuter sxemalarida esa, 30-mart juma kuni kompyuterdan chiqqani qayd etilgan).  

957/12D-sonli ekspertiza xulosasida, «Ne isklyuchayetsya rojdeniye Tulaganovoy Maliki 1987 g.r. ot sovmestnogo braka Tulaganova Sabirdjona i Tulaganovoy Mukaddam» deyilgan. Ammo, ekspertiza xulosasining “Sinteziruyushaya chast”ida: “Takoy rezultat ne pozvolyayet sformulirovat kategoricheskiye vivodi po otnosheniyu ustanovleniya faktov biologicheskogo otsovstva i  materinstva”, deb tushuntirilgan.  

21-asr boshida, DNK ekspertizasi orqali 7 shajara qarindoshligini aniqlash mumkin bo‘lgan zamonda, bunday  “arosatdagi” xulosani, faqat va faqat, Prokuratura bilan  X.S.Sulaymonova nomidagi kriminalistika markazi o’rtasidagi  “kriminal kelishuv” oqibati deb izohlash mumkin. Zero, O‘zbekiston Oliy sudi 2001 yil 1-iyundagi Plenumi  “Otalikni belgilash haqidagi ishlarni ko‘rishda sudlar tomonidan qonunlarning tatbiq etilishi to‘g‘risida”gi  qarorining 14-bandi 3-xatboshisida: “Sud mazkur toifadagi  ishlarni ko‘rishda odam DNKsi yuzasidan tayinlangan sud biologik ekspertizasi, javobgarni bolaning otasi yoki onasi emasligini aniq belgilab berish imkoniyatlariga ega ekanligidan kelib chiqib…” – degan ta’kid mavjud. 

Bordiyu, bunday ekspertiza xulosasi Prokuratura ta’sirisiz berilgan bo‘lganida, bu xulosa arizamiz bo‘yicha Prokuraturaning jinoiy ish qo‘zg‘atib, tekshiruv o‘tkazish haqida qaror qabul qilishiga asos bo‘lishi lozim edi. Biroq, S.Rahimov tuman prokuraturasi, bu xulosani jinoiy ish qo‘zg‘atishni rad etishga asos deb ko‘rsatdi. Toshkent shahar prokuraturasi ham (2001 yil 4-may, №15/139-01), Respublika Bosh prokuraturasi ham (2001 yil 16-iyul, №15/523-2001) tuman prokuraturasi qarorini to‘g‘ri deb topdi. 

Shundan so‘ng, men Bosh prokuror o‘rinbosari E.T.Jo’rayev qabuliga kirdim. Bosh prokuror o’rinbosari menga, «Eh domla, sizdan boshqa odam bo’lsa, qizini u oilaga yetaklab borib allaqachon masalasini hal etar edi, siz qonuniy hal etaman deb, idorama-idora yuribsiz. Mayli, hal qilamiz» deb, meni umidvor qildi.  Biroq, mendan keyin, Bosh prokuraturadagi avvalgi rad javobini yo’llagan bo‘lim boshliqlari E.T.Jo’rayevni “yo’ldan urishdi” chamasi, u so‘zining uctidan chiqmadi. 

Nihoyat, Bosh prokuror Rashidjon Qodirov qabuliga kirdim. Bosh prokuror janoblari meni obdon eshitib, “maslahatlashib sizga javobini yetkazamiz” dedi. Maslahatlashib, Bosh prokuror o‘rinbosari E.T.Jo’rayev imzosi bilan 2001 yil 14-sentabrda yo‘llashgan №15/523-2001-sonli javob xatida, jumladan, shunday  deyilgan: “…ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo’zg’atishni rad etish haqidagi qaror Respublika prokuraturasi tomonidan asosli deb topilgan. Bolaning nasl-nasabini, qaysi onadan tug‘ilganligini va uning otasi kimligini belgilash O’zbekiston  Respublikasi Oila Kodeksining 60-63-moddalarida sudlar tomonidan amalga oshirilishi ko‘rsatilgan. Shu bois, yuqorida ko‘rsatilgan masala yuzasidan Siz Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qilishingiz mumkin. Agarda sud muhokamasida Siz kiritgan masala yuzasidan biror-bir jinoyat alomatlari mavjudligi holati aniqlangan taqdirda, tegishli hujjatlar prokuraturaga taqdim qilinsa, jinoyat ishi qo‘zg‘atish va aybdorlarga nisbatan javobgarlik va jazo muqarrarligini ta’minlash masalasi hal qilinadi”.  

Bu fikrning mantiqdan yiroqligi ravshan. Chunki chaqaloqlar almashib qolgan bo’lsa, bu ularning sho’xligi natijasi emas, balki jinoyat tufayli bo‘lishi mumkin. Shuning uchun ham, jinoyat ishi qo’zg’atilib, jiddiy tekshiruv o‘tkazilishi lozim edi. Qolaversa, Oila Kodeksining ular asoslanishayotgan moddalarida butunlay  boshqa holatlar nazarda tutilgani oydin.

Yettinchi sahifa: Bir shubhaga yetaklovchi faktlar. 

Aniq ishonch bilan aytishim mumkinki, men murojaat qilgan mutasaddilarning hech birida tug‘ruqxonada farzandimiz haqiqatda almashtirib qo’yilganiga shubha qolgani yo’q. Biroq, ko’plari haqiqat ochilmasligiga harakat qilishgan bo’lsa, ayrimlar haqiqatni ochishni xohlashsada, boshida «kaltak sinishidan» qo’rqishdi. Tuman Prokuraturasida haqiqatni aniqlash istagi bo‘lganida edi, ular quyidagi muhim faktlarning tagiga yetishgan bo’lishar edi: 1).Qizimiz o‘zini tutaboshlaganida bo’yni qiyshiqligi ma’lum bo’lgan. Uzoq vaqt 1-Qoraqamish massividagi bolalar poliklinikasida muolaja olgan. Mening ayolimning tug’ruq kartasida chaqaloqda hech qanday muammo qayd etilmagan; 2).Feredeyning tug’ruq kartasida esa, chaqaloq bo’yniga yo’ldoshi o’ralib tug’ilgani va qandaydir muammosi qayd etilgan; 3).Feredey tug’ruqhonaga tushishidan avval 5-kvartaldagi sumkalar tikish fabrikasida tikuvchi bo’lib ishlagan; 4).Bir gal sudda Feredey, farzandi almashib qolmaganini asoslamoqchi  bo’lib, o’sha tug‘ruqxonada yangasi (akasinig ayoli) hamshira bo’lib  ishlashini, shuning uchun to’rttala qizlari ham shu tug’ruqxonada yangasi nazoratida dunyoga kelganini gapirgan edi. 

Aslida, bu faktlar birgalikda qaralganda, chuqur tekshiruvga asos bo’ladigan shubhaga yetaklaydi. Vaholanki, Sog’liqni saqlash vazirligi ham tekshiruv o’tkazgani haqida ma’lumot va «chaqaloqlar almashmagan» degan xulosa bergan. 

Sakkizinchi sahifa: Bosh prokuraturaning noqonuniy tavsiyasiga rioya qilishimiz. Sudlarda ishimizning “futbol” qilinishi. 

Farzandimizni topish yo‘lida, Bosh prokuratura tavsiyasiga rioya qilib, sudga da’vo ariza kiritishdan o’zga choramiz yo’q edi. 2001 yil 18-mayda FIB Toshkent shahar sudi raisiga murojaat etib, FPKda yo‘l qo‘yilganiga ko‘ra, masalaning nozikligini inobatga  olib, da’vo arizamizni shahar sudida ko‘rishni so‘radik. Sud raisi bizni bu yo‘ldan qaytarmoqchi bo‘lib tazyiq qildi. Da’vo arizamizni qabul qilish shahar sudida rad etilgach (12.06.2001, №D-5102), FIB Shayxontohur tumanlararo sudiga murojaat etdik. Sud raisi Sh.Rahmonov esa, shahar sudi raisi bilan maslahatlashib, keyin javob berishini aytdi. Nihoyat, sudya D.Abduqodirova da’vo arizamizni o‘z ish yurituviga olganligi haqida 23.07.2001 sanada ajrim chiqardi (2-325/02 sonli fuqarolik ishining 1-beti). 

Sudya hujjatlarni o‘rganib, qizimizning suratini ikki ona bilan solishtirib, da’voimiz asosli ekaniga shubhasi yo‘qligini yashirmayotgan edi. Ammo, u sud raisi xohishiga qarshi, haqiqatni aks etdirgan qaror chiqarishga botina olmadi chog‘i, shu bilan birga rais istagan qarorni chiqarib berishga vijdoni yo‘l bermadi shekilli, ish ko‘rilmasdan cho‘zilgandan-cho‘zildi. Ishni ko‘rmasdan qoldirish haqida 2001 yil 26-oktyabrda ajrim chiqarildi. Sud, bizning arizamizga ko‘ra, 12-dekabrda ishni ko‘rishga tiklash haqida ajrim chiqardi, biroq sud protsessi davom etmadi. Nihoyat, sudya D.Abduqodirova 2002 yil 2-yanvarda sud raisi Sh. Rahmonov nomiga bildirishnoma bitib, o‘zi raislik etayotgan bu ishni boshqa sudya ish yurituviga olib berishni so‘ragan. Sud raisi, 2002 yilning 7- yanvarida, bu bildirishnomaga, “M.Abduvahobova sud majlisida mazmunan ko‘rib chiqing” deb qaror qo‘ygan (bu tafsilotlar, ish hujjatlari bilan 2006-yil 17- aprel kuni tanishganimda ma’lum bo‘ldi).  

Ish boshqa sudya ish yurituviga o‘tkazilishi mantiqsiz qaror ekanligini asoslab, 11.01.2002 da sud raisi Sh.Rahmonovga ariza bilan murojaat etib, ishni avvalgi sudya oxirigacha ko‘rishini iltimos qildim. Javob bo‘lmadi. Ishni chaqirib olib shahar sudida ko‘rilishini so‘rab 23.01.02 sanada FIB Toshkent shahar sudiga murojaat bilan bordim. Sud raisi K.Komilov, arizamizga javob pochta orqali yuborilishini aytgan bo‘lsada, javob olmadik. 

To‘qqizinchi sahifa: Sudyaning chegarasiz bepisandligi. 

2002 yil 31- yanvar kuni soat 21 lar chamasi uyimga sud chaqiriq qog‘ozi olib kelishdi. Unda, 1-fevral kuni soat 10 da Shayxontohur tumanlararo fuqarolik ishlari bo‘yicha sudida hozir bo‘lishim, DNK ekspertiza xulosasi bilan tanishishim lozimligi aytilgan edi. 1-fevral kuni Shayxontohur tumanlararo sudida menga ekspertiza xulosasini taqdim etishdi va bir necha kundan so‘ng hal qiluv qarorini olib ketishim mumkinligini aytishdi. Nihoyat, 2002 yilning 15-fevral kuni hal qiluv qarorini oldim. Keyinchalik bilsam, Shayxontohur tumanlararo fuqarolik sudida, menga ekspertiza xulosasini hamda hal qiluv qarorini taqdim etgan ayol sud kotibasi ekan, ya’ni sudya M.Abduvahobovani biz  biror marta uchratmagan ekanmiz. U sudya, bizdan yashirin holda, 24.01.2002 sanada Sud DNK ekspertizasi o‘tkazish haqida ajrim chiqarganini, 2002 yilning 1-fevral kuni, “Sudga uzrsiz kelishmadi” deb, bizning ishtirokimizsiz, ishni ko‘rish haqida ajrim chiqargan va shu kuni hal qiluv qarori chiqarib rasmiylashtirgan ekan. Keltirilgan vajning o‘xshamaganini qarangki, 2 yil mobaynida prokuratura va sud eshiklarini tinimsiz qoqayotgan da’vogarlar sud majlisiga kelmagan emish.  Ajrimda, FPKning 174-moddasiga asoslanilgani haqida ta’kid ham mavjud. Vaholanki, FPKning 174-moddasida ishni javobgar ishtirokisiz ko‘rish nazarda tutilgan bo‘lib, sudya bu modda mohiyatini o‘zboshimchalik bilan o‘zgacha talqin etgan. Ish hujjatlari ichida uydirma sud majlislari to‘g‘risida uzuq-yuluq bayonnomalar to‘ldirilgan, majlislarga taraflar kelgan-kelmagani ham yozilmagan, chaqiriq qog‘ozlar imzosiz to‘ldirilgan.  Sud hujjatlari qalbakilashtirilgan bo‘lsada, sudyaning savodsizligi shunchalikki, bu hujjatlardagi protsessual nomuvofiqliklarni ko‘rsatish uchun xuquqshunos bo‘lish ham shart emas. Qarangki, da’vo arizamizni 2001 yil 23-iyulda ajrim chiqarib o‘z ish yurituviga olgan sudya D.Abduqodirova 2002 yil 2-yanvargacha, yoxud 162 kun davomida mahkamaga raislik etgan. FPKning 29- moddasida ishni ko‘rishdan sudya o‘zini o‘zi rad etishini qabul etish yoki etmaslik yuzasidan faqat birinchi bosqich sud raisi tomonidan maxsus ajrim chiqarilishi ko‘zda tutilgan. Biroq 165 varaqdan iborat sud hujjatlari ichida bunday ajrim mavjud emas. Demak, FPKning 151-161-moddalari talabiga ko‘ra, arizamizni ko‘rishni davom etdirish yuridik jihatdan sudya D.Abduqodirova zimmasida bo‘lgan yohud sudya M.Abduvahobova vakolat doirasidan chetga chiqib hal qiluv qarori chiqargan. O‘z  navbatida, O‘zR FPKning 11-moddasi 2-bandida “Ishni ko‘rish  jarayonida sudya almashtirilgan taqdirda, ish boshdan qayta  ko‘rilishi”, 152-moddasi 2-bandi va 161-modda talabiga ko‘ra,  “yangi” sudya esa, ish qo‘zg‘atish, jumladan ishni sud majlisida  ko‘rishga tayyorlash haqida ajrim chiqarishi shartdir. Sudya M.Abduvahobova qonunning mazkur talablarini ham nazar-pisand  qilmasdan hal qiluv qarori chiqargan. 

Ekspertiza o‘tkazish haqida 2002 yil 24-yanvarda ajrim chiqarilib, 25-yanvarda 40-poliklinikada Feredey, uning eri  Alijon Selembayev hamda ularning qizi Selembayeva Nadiraning  (ismlar o‘zgartirildi) qonlaridan namunalar olingani, 28-yanvarda esa 99,99% aniqlik bilan xulosa tayyor bo‘lgani qayd etilgan. Avvalgi, ikki ekspert tomonidan tayyorlangan, «mujmal» xulosa uchun 17 kun kutishga to‘g‘ri kelgan edi. Endi esa, 1 yillik ish tajribaga ega bo‘lgan ekspert, ikki hissa ko‘p savolga 4 ish kunida “aniq javob” tayyorlab bergan. Bu ekspertiza haqiqatda o‘tkazilganligiga shubha asosli edi. O‘tkazilgan bo‘lsa, nechun bizdan yashirincha o‘tkazilgan? Oliy sudning yuqorida qayd etilgan Plenumi qarorining 16 (v) bandida, “Har qaysi tomon (gumon  qilingan ota-ona) va bolaning qon namunalari bevosita sud  ekspertizasi muassasasida olinishi maqsadga muvofiq” ligi  ko‘rsatilgan. Nechun qon namunalari 40-poliklinikada olingan? Alijon Selembayev, keyinchalik sud savoliga javoban, qon namunalarini ekspertiza muassasasida topshirishganini aytdi. Ammo ekspertiza muassasasi qayerda joylashgani haqida u taxminiy tasavvurga ham ega emasligi oshkor bo‘ldi.

O‘ninchi sahifa: Vakolatli mulozimlarga besamar murojaatlarimiz. 

Mazkur masala bo’yicha duch kelgan barcha salbiy holatlarni bayon etib, bosqichma-bosqich Oliy sud rahbarlarigacha shikoyat bilan murojaat etdik. Oliy sud raisining o‘rinbosari B.Jamolov ham, shaxsan o‘zi arzimizni eshitgan bo‘lishiga qaramay, bizni eshtmagandek, shikoyatimizni o‘qimagandek, mantiqdan yiroq  javob yo‘lladi (18.12.2002 y. № 02-28/845 GS). Vaholanki, yuqorida zikr etilgan Plenumning “Fuqarolik ishlarni apellyatsiya, kassatsiya va nazorat tartibida ko‘rish amaliyoti haqida”gi  qarorining 18-bandida “Sudlar shikoyatlarda ko‘rsatilgan vajlarga batafsil asoslantirilgan javob berishlari lozim”ligi aniq-ravshan belgilangan. Oliy sud raisi F.Muhitdinova, Oliy sud raisi A.Ishmetov, Oliy sud raisi vazifasini bajaruvchi N.Toshmatov nomlariga topshirilgan arizalarga ham, Oliy sud Plenumiga yo‘llangan shikoyatga ham, Prezidentga ko‘p marta yo‘llangan murojaatlarga ham, qonun talabiga zid ravishda, Oliy suddagi mas’ul bo‘lmagan shaxslar imzosi bilan javoblar olaverdik. Shunday qilib, mutasaddi idoralar eshiklaridagi sarsongarchiliklar ham hech qanday natija bermadi. 

O‘n birinchi sahifa: Yovuzlikni tasodifiy xatolikka yo‘yganligim pushaymoni. 

Soddalikmi yoki Sovet realliklarini yaxshi tasavvur qilmaslikmi, harqalay men, boshlanishda, ayolim tushuntirgani bo‘yicha, bizning farzandimiz o‘sha juvon(Feredey)ning  xonadonida deb, chaqaloqlar kimningdir aybi bilan tasodifan  almashib qolgan deb, yaxshi talqinda fikrlaganman. Shuning uchun, tug‘ruqxona arxivida ayolimning va Feredeyning tug‘ruq kartalaridan nusxa olish bilan kifoyalanganman.  

Feredeyning oilasi va Prokuratura teskari pozitsiyada harakatga o‘tishgach, Feredey Selembayevaga tug‘ruqxonada «taqdim qilingan» qiz Nadirani yashirincha ko‘rishga harakat qildik. U qizda na tarbiyalayotgan ota-onasiga va na bizga o‘xshashlikning hech qanday alomati yo‘q edi. Ya’ni, bizning biologik farzandimiz tug‘ruqxonada qaysidir 3-oilaga taqdim qilingan, kamida uchta chaqaloq almashtirilgan bo‘lgan. Shunda, harakatimda katta xatolikka yo‘l qo‘yganimni angladim. Tug‘ruqxona arxiviga kirganimda, bizning farzandimiz tug‘ilgan kun va oldingi keyingi 2 kun ichida tug‘ilgan chaqaloqlar kartalaridan ham ko‘chirma olgan bo‘lganimda, albatta o‘z biologik farzandimizni  allaqachonlar topgan bo‘lar edik, deb afsusdaman. Biroq, xatoimni anglaganimda «tug‘ruqxona eshiklari yopilgan» edi. 

O‘n ikkinchi sahifa: Farzandi bilan ko‘rishishni rad etgan ona.  

2006 yilning aprel oyida, qizimiz biologik onasi Feredeyga telefon qilib o‘zini tanishtirib, bir marta ko‘rishib gaplashishga rozilik berishni iltijo qiladi. Malikaning iltijosini Feredey rad etadi. Qizim bunday toshbag‘irlik bo‘lishi mumkinligiga ishongisi kelmay, FIB Shayxontohur tumanlararo sudiga haqiqiy ota-onasini aniqlab berishlikni so‘rab murojaat etadi. Bu sud va Toshkent shahar appelyatsiya sudi, hamkorlikda sarson-sargardon qilish “o‘yinlarini” takrorlashadi. Nihoyat, 17.11.2006 sanada birinchi bosqich Sudi tomonidan da’voni rad etuvchi hal qiluv qarori chiqariladi va Appelyatsiya sudi uni o‘zgarishsiz qoldiradi. Sudlarning bu g‘ayri qonuniy qarori keyinchalik qizimizning davolanishi uchun qondoshidan Donor topishimizga to‘siq bo‘ldi.  

O‘n uchinchi sahifa: Fan doktoriga “huquqbuzar” unvoni in’om  etilishi

Fuqorolik ishlari bo‘yichaToshkent shahar sudi raisi Kozimjon Kamilov, ushbu masalani ko‘tarmasligim uchun, menga tazyiqlar qildi. Og‘zaki tazyiqlari menga kor qilmagach, meni itoatkor qilish uchun amaliy choralar ko‘rishga o‘tdi. Shahar sudida ishlovchi qo‘riqlash bo‘limi xodimi nomidan, men va bir maslakdoshim 2006 yil 19-mart kuni sud binosida huquqbuzarlik qilganimiz haqida, bildirgi uyushtirdi va Mirzo Ulug‘bek tuman prokuraturasiga, bizga qarshi chora ko‘rishlikni so‘rab, 31-mart kuni murojaatnoma yubordi.  Qolgan rasmiyatchiliklar risoladagidek ijro etilib, Jinoyat ishlari bo‘yicha M.Ulug‘bek sudining 2006 yil 5-iyun kungi qarori bilan men va maslakdoshim MJKning 183-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlar deb topilib, 28200 so‘mdan jarima jazosi tayinlandi. 

O‘n to‘rtinchi sahifa: Qo‘rqinchli tashxis. 

Malika O‘zMU bakalavriyatining bitiruv kursida o‘qiyotgan, “Ipoteka bank”da ikkinchi toifali mutaxassis bo‘lib ishlayotgan edi. Nadomatlar bo‘lsinki, yaqin shajarasida ko‘p ko‘rinish bergan «oq qon» xastaligi Qizimizning ham taqdiriga yozilgan ekan. 2006 yili sentabr oyida qizimiz «O‘tkir miyeloblast leykoz» kasaliga chalingani aniqlandi. Qizimiz «Gematologiya va qon quyish shifoxonasida», bir necha bor, qon tarkibida trombotsitni tiklash, davolash kursini oldi. Biroq, O‘zbekistonda bu xastalikni zamonaviy davolash usullari yo‘lga qo‘yilmagan ekan. Sog‘liqni saqlash vazirligi komissiyasi xorij klinikalariga murojat qilishlikni tavsiya etishdi. Qator xorij klinikalariga murojaat qildik. Shu kasallik bo‘yicha Turkiyaning mutaxassislari transplantatsiya o‘tkazadigan Bishkekdagi klinikaga qizimni  konsultatsiyaga olib bordim. Hammalari, TRANSPLANTATSIYa uchun kasalning yaqin qondoshidan DONOR kerakligini aytishdi. Biz va katta qizlarim DONORlikka mos kelmadik. 

O‘n beshinchi sahifa: Donorlikka iltijo maqola. “Qamoq” ehtiyot chorasi. 

 Feredeyning oilasiga ta’sir o‘tkazishi mumkin bo‘lgan biror hurmatli inson eshitib, shoyad donor muammosi hal bo‘lsa, degan umidda, 2007 yil 29-mart kuni «Himoya–Jarayon» gazetasida, voqea tafsiloti bayon qilingan, «Qizimning qondoshlarini qidiraman» sarlavhasi ostida iltijo maqola e’lon qildim. Meni jazolash istagida bo‘lganlar maqolaga teskari effekt berishdi shekilli, Selembayeva Feredeyning arizasi bo‘yicha, Yunusobod tuman Prokuraturasida Prokuror yordamchisi Otabek Qosimov surishtiruv ishi olib bordi. Chaqiriq bo‘yicha men uning huzuriga borganimda, qizim Malikaning suratini unga ko‘rsatdim. Shunda Otabek Qosimov: «Iye, bu anavi xotinning (u Feredeyni nazarda tutayotgan edi) xuddi o‘zi-ku. Men bu suratni Prokurorga ko‘rsataman, sizga yordam beraman», dedi. Prokuror yordamchisi so‘zining ustidan chiqdi. Bir-ikki rasmiyatchilikdan so‘ng, meni  Prokuraturaga qayta chaqirishmadi.  

Biroq, to‘rt oy o‘tib, avgust oyida Yunusobod tuman tergovchisi mayor Almatov to‘satdan telefon qilib, tergovga chaqirdi. Birinchi e’tiborimni tortgan holat shu bo‘ldiki, Tergov bo‘limiga kelganimda, tergovchi o‘zi oldimga chiqib, meni kirish nazorat punktida rasmiylashtirmay, xonasiga boshlab chiqdi («hurmat-izzat»ni qarang). U, “Himoya-Jarayon” gazetasida e’lon qilgan maqolam bo‘yicha, Yunusobod tuman Prokuraturasi jinoiy ish qo‘zg‘atganini va tergov ishi unga topshirilganini menga ma’lum qilib, meni so‘roq  qilaboshladi. Ko‘rinishdan, shoshilinch buyruq telefon orqali berilgan bo‘lsa kerakki, ish bilan tanishish istagini bildirsam, tergovchi ish hali prokuraturadan kelmaganini aytdi. Men esa, ish bilan tanishmasdan turib savollarga javob bermasligimni bildirdim. Tergovchi (chamasi, unga kuch ishlatmaslik haqida ko‘rsatma bo‘lgan) guvohlar chaqirib, “tergovni rad etdi” deb, ishni  rasmiylashtirdi. Shu tariqa, ko‘p o‘tmay ish sudga oshirildi. Ishni ko‘rish, Jinoiy ishlar bo‘yicha Yunusobod tuman sudida, sudya U.Sh.Davronovga topshirilgan ekan. Sudya, jinoyat ishi bilan to‘liq tanishib chiqishimga ham imkon bermay, sud majlisini 19-sentabrga tayinladi. Bizda, lozim topilsa, Prokuror, tergovchi, advokat va sudyalar, gumonlanuvchiga qarshi, bir tanu– bir jon bo‘lib faollik ko‘rsatishadi. 2007 yilning 19-sentabr kuni, birinchi Sud majlisi boshlanishini kutib turganimizda, advokatimga telefon bo‘ldi va u, “ketishim kerak” deb, jo‘nab qoldi. Sudya U.Sh.Davronov, birinchi sud majlisini ochib, menga «qamoq ehtiyot chorasi» qo‘llash to‘g‘risida Ajrim chiqardi. 

Vaholanki, tuhmat tarzida malakalashgan, o‘sha maqolada biror tuhmatli, yoinki Feredeyning sha’niga shubha ma’nosida talqin qilinishi mumkin bo‘lgan jumla ishlatilgan emas.  

«Himoya–Jarayon» gazetasida e’lon qilingan maqola internet saytlarida ham e’lon qilingan edi. Menga keyinroq ma’lum bo‘lishicha, mening nohaq qamalishim xalqaro matbuotda rezonans bergan. «Himoya–Jarayon» gazetasida e’lon qilgan maqola, Sud tomonidan mening qamalishimga rasman asos qilib ko‘rsatilayotgan bo‘lsada, inson huquqlari himoyachilari fikricha, sudlanish va qamalishning norasmiy asl sababi mening 2007 yilning iyul–sentabr oylarida ko‘p internet saytlarida ketma–ket e’lon qilingan “Oliy ta’limdagi uyushgan jinoyatchilik”, “Professor-o‘qituvchilarni manqurtlikka undovchi nizom”, “Oliy ta’limdagi noshudliklar” nomli maqolalarim bo‘lgan. 

Sud yakuniga qadar 19 kun davomida meni Toshturmada saqlashdi. 2007-yilning 8-oktabr kuni, eng kam oylik ish haqining 300 baravari miqdorida jarima Hukmi bilan meni Sud zalidan ozod etishdi. Biroq Hukmda, sudning boshlanish kuni ko‘rsatilmay, 25.09.2007 yildan menga “Qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgani qayd etilgan. Vaholanki, mening qamalganim to‘g‘risida 24.09.2007 da internet saytlarida e’lon qilingan ayrim maqolalar “Google” xotirasida hamon saqlangan.

O‘n oltinchi sahifa: Davolatishga umid. AQShga safar.  

Qizim “Gematologiya” shifoxonasida “davolash” kursini olishi ham oson kechmayotgan edi. Dori-darmon, quyishga qon bilan ta’minlash uchun shahar transportida yelib-yugurar, qizimning davolanishi uchun najot izlar edim. Kunlarning birida, AQShdagi “Turkiston Amerika jamiyati”ning raisi janob Abdullah Xo‘ja uyimga  tashrif buyurdi. U bizning oilamiz boshiga tushgan fojiadan internet orqali xabar topgan va O‘zbekistonga, O‘zbekiston prezidenti saylovida kuzatuvchi maqomida ishtirok etish uchun, tashrif buyurgan ekan. U, Toshkent bilan AQShning Seatlle shahri orasida birodarlashuv shartnomasi mavjudligidan foydalanib, qizimni AQShda davolatishga harakat qilishlikni tavsiya etdi.  Men darhol bu tavsiya bo‘yicha harakatga tushdim. Nihoyat, Toshkent shahar Hokimining qabuliga yozilishga muvaffaq bo‘ldim. Hokim, mulozimlarning katta auditoriyasi guvohligida, Seatlle shahri Meri nomiga xat qilib berishga rozilik berib, xatni tayyorlash to‘g‘risida xodimlariga topshiriq berdi. Biroq, katta umid bilan ertasiga xatni olish uchun qabulxonaga kelsam, Hokim janoblari ahdlarini bekor qilganlarini aytishdi. 

AQShning “Green card” lotereyasiga birinchi bor xujjat topshirishdayoq menga yutuq chiqqaniga, qizimni davolatish  yo‘lidagi toleimiz deb, xursand bo‘ldik. Biroq, qizimiz betobligini sezib qolishsa viza berishmasachi yoki AQShda qaytarib yuborishsachi, degan hadiksirash ham bor edi. AQSh konsulligida vizani tez rasmiylashtirib berishdi (Bilmadim, balki elchixonaning qo‘llovi bo‘lgandir. Zero, men bir bora elchixonaning grantini olgan edim. Undan tashqari, qamoqdan chiqqanimda elchixonaning 3-kotibi taklif qilib men bilan suxbat o‘tkazganda, bundan-buyon meni himoya qilishlarini aytgan edi). Biroq, ikki oy mobaynida O‘zbekistondan chiqish vizasini olishga muvaffaq bo‘lmadik, “maqsadga muvofiq emas” degan javob olaverdik. Nihoyat, Ichki ishlar Vaziri nomiga, qizimning davolanishi uchun “vaqt g‘animatligini” tushuntirib, Tibbiyot komissiyasining “Xorijda davolanishga muhtoj” deyilgan xulosasini ilova qilib, ariza topshirdim. Shundan so‘ng, “maqsadga muvofiq emas”ligi rejasini keyinga qoldirishdi shekilli, chiqish vizasi berishdi.  

Shunday qilib, 2008-yil 29-iyunь kuni qizimizni AQSh ga olib keldik.  

O‘n yettinchi sahifa: Judolik. Iztirobli armon. 

Batafsil tekshiruv va muolajalar o‘tkazilgandan keyin, 2009-yil Malikaga «begona» Donorning (qonidan ajratilgan) «kostniy mozg»ini transplantatsiya qilishdi. Keyingi davolash jarayoni ham uzoq davom etdi. Jumladan, organizm begona “donor material”iga qarshi kurashmasligi uchun, immunitetni pasaytiruvchi doimiy muolaja berib turishdi. Vrachlar, operatsiya muvaffaqiyatli o‘tganini, kasallik qaytalamasligini, qizim turmush qurishi mumkinligini aytishgan edi. 2014-yil Malikani turmushga bergan edik. Beshafqat taqdir yozuvimi, ming afsuski, Malikaning kasali qaytaladi. Olti oy davomida, navbat bilan, kechayu-kunduz Hospitalda Malikaning yonida bo‘ldik. Amerikada meditsina juda qimmat bo‘lishiga qaramay, qizimni qutqarish-davolash uchun tibbiyot imkoniyatida bo‘lgan hamma chora ko‘rildi, tibbiy muolajalarning barcha xarajati sug‘urta hisobidan qoplandi. Biroq, bu dahshatli kasallik qaytalaganda tibbiyot nochor ekan. 2015-yil 6-may kuni Malika vafot etdi. 

 Qizimizga qondoshidan DONOR topaolmaganimiz ham biz uchun bir umrga iztirobli armon bo‘lib qoldi. 

O‘n sakkizinchi sahifa: Yangi davrdagi murojaatlarim. 

Prezident Karimov vafotidan keyin, “Dunyo o‘zbeklari” saytida, yoshlik suratlarimiz bilan, tug‘ruqxonada almashib qolgan farzandimizni qidirayotganimiz haqida e’lon berdim. Shunda, boshqaning fojiasiga befarq bo‘lmagan ayrim yurtdoshlar dalda berishib, meni Prezidentga murojaat qilishga undashdi. Va men, umidvorlik bilan biologik farzandimizni topishga yordam so‘rab, Prezident portaliga ochiq murojaat yo‘lladim. Murojaatimga Toshkent shahar prokuraturasidan asoslanmagan rad javobini oldim. Javobning asossizligini ko‘rsatib qayta murojaat qildim. Takror mantiqdan yiroq javob yo‘llashdi. Bu jarayon ko‘p bora besamar takrorlangach, “stolbani ham qamashdan toymaydigan ayrim mulozimlar” bosim o‘tkazish yo‘liga o‘tishdi va men prokurorlar bilan “munozara qilishni” to‘xtatishga majbur bo‘ldim.  

O‘n to‘qqizinchi sahifa: Isbot – dalillar. 

Xolislik bo‘lsa, farzandimiz haqiqatda almashtirib qo‘yilganiga aniq ishonch hosil qilish usuli ko‘p:  

1). Suratlarni solishtirish ham ekspertizada qo‘llaniladigan usul hisoblanadi. Rahmatlik qizimiz Malikaning suratini bizning va Selemboyevlarning mos yoshdagi suratlarimiz bilan taqqoslab  ko‘rgan biror sog‘lom xolis insonda, bizning qizimiz Selembayeva Feredeyning biologik farzandi bo‘lganiga shubhasi qolmaydi.  Zero, tug‘ruqxonada yonma-yon tug‘ruq stolida ko‘zi yorigan, mutlaqo begona (erlari tomonidan ham qarindoshligi yo‘q bo‘lgan) ikki ayoldan birining qizi ikkinchi ayolga «quyib qo‘ygandek» o‘xshash bo‘lishi mumkin emasligini hamma tushunadi. 

2). Xolis ekspertlar, Feredeydan DNK analiz olib Malikaning mazkur DNK analiziga taqqoslash orqali aniq xulosa berishlari mumkin. 

3). Hospitalda operatsiyaga tayyorlash jarayonida tekshirilgan Malika qonining genetik analizi menda saqlangan. U asosida ham ekspertlar bizning yoki Feredeyning qon namunalarini genetik analiz qilish va taqqoslash orqali xulosa berishi mumkindir. 

4). 2001 yil 29-mart sanasi bilan rasmiylashtirilgan 957/12D sonli ekspertiza xulosasining noaniq-mujmalligi, uni tayyorlash jarayoni (ekspertiza hujjatida ko‘rsatilganiga ko‘ra) 13 kunga  cho‘zilgani, faqat va faqat, ekspertiza natijasi ataylab soxtalashtirilganini bildiradi. Zero, yuqorida eslatib o‘tganimdek, O‘zbekiston Oliy sudining Plenumining qarorida  ham, DNK ekspertizasi ota-onalik va farzandlikni aniq belgilab berish imkoniyatiga egaligi ta’kidlangan. Demak-ki, ekspertiza aslida qizimiz bizning biologik farzandimiz emasligini ko‘rsatgan. Prokurorlar va sudyalar bu oddiy mantiqdan, albatta, ko‘z yumishdi. 

5) Selembayeva Feredeyning arizasi bo‘yicha surishtiruv ishini olib borgan Yunusobod tuman Prokurori yordamchisi Otabek Qosimov va Shayxontohur tumanlararo sudida ishni birinchi bor olib borgan, keyinchalik shahar appelyatsiya sudida ishni ko‘rishda raislik qilgan va Shayxontohur tumanlararo sudi Hal qiluv qarorini bekor qilib ishni qayta ko‘rishga qaytargan sudya  D.Abduqodirovalar bizning da’voimiz asosli ekaniga guvohlik berishsa kerak, deb o‘ylayman. Mening nazarimda, ular adolat yo‘lida qat’iyatli insonlar bo’lishgan. 

Yigirmanchi sahifa: Farzandimizni topishga boshlang‘ich yondoshuv. 

Vakolatli mulozimlar yordam berishni istashsa, biologik  farzandimizni topish katta qiyinchilik tug‘dirmaydi, deb  o‘ylayman: Birinchi yondoshishda, Toshkent shahridagi 3-tug‘ruqxonada 1987 yil mart oyining 18-23 kunlari oralig‘ida  tug‘ilganlarni aniqlash, so‘ngra ularning balog‘at yoshidagi  suratlarini bizning yoshlik suratlarimizga qiyoslab ko‘rish lozim (hatto, 19-22 mart kunlari tug‘ilganlar bilan kifoyalanish mumkindir); so‘ngra, «taxmin qilish mumkinlarining»  suratlarini ota-onalarining mos suratlariga taqqoslash lozim;  

ikkala taqqoslashda «taxminga yaqin kelganlarning» turli suratlarini olib bizning suratlarga qayta solishtirish kerak; shu taqqoslashlardayoq tekshiruvga «nomzod» ko‘rinib qolishi mumkin;  bu «nomzod»ning DNK sini onasining DNK si bilan xolisona taqqoslash kutilgan natijani bersa, u holda «nomzod»ning DNK sini mening ayolimning DNK si bilan xolisona solishtirish «nomzod» biz qidirayotgan insonmi-yo‘qmi, degan savolga javob  beradi. Bu, hech bir oila sha’niga zavol keltirmaydigan, birinchi yondoshuvdir. Albatta, ish faoliyatida chigal masalalar bilan ko‘p  to‘qnashgan huquqshunos mutaxassislar xohlasalar izlashning osonroq yo‘lini topaolsalar kerak deb umid qilaman. 

29.03.2024  

F.-m.f.d. Sobir To‘lagan

In

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan